Четверг, 26.06.2025, 07:53
Приветствую Вас Гость | RSS

Мой сайт

Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0

Каталог статей

Главная » Статьи » O'ZBEKISTON TARIXI » O'ZBEKISTON TARIXI 1-KITOB

TOShKENTNING DAHA VA DARVOZALARI HAQIDA
O‘rta Osiyoning eng qadimgi shaharlaridan biri bo‘lgan Toshkent 2200 yillik tarixga ega. Dastaval Toshkent Jun ariq yoqasida vujudga kelgan, so‘ngra Solor kanali tomon kengaygan. Toshkent geografik jihatdan qulay yerda joylashganligi va iqlim sharoitining sozligi tufayli azaldan dehqonchilik va chorvachilik rivoj topgan maskan sifatida ma’lum. Qadimda Toshkent atrofi baland va qalin devorlar bilan o‘ralgan qo‘rg‘on shaklidagi kichkina shaharcha bo‘lgan. U “Choch” deb yuritilgan. Arablar uni “Shosh” deb atashgan YIII asr boshlarida shahar “Madinat – at - Shosh” halifalik qo‘shinlari tomonidan vayron etilgach, u shimoliy – g‘arbiy, hozirgi Hadra maydoni xududlariga ko‘chgan va Binkat nomi bilan tilga olinadi. Binkat “Quyi shahar” degan ma’noni anglatgan. Binkatning o‘rni Toshkentning aynan avvalgi “Eski shahar” deb atalgan qismiga to‘g‘ri keladi. Mahmud Qoshg‘ariy uni “Tarkan” degan nom bilan ham ataydi. “Turkiston zaminida mil. av. III asr oxiri II asrda qudratli Turkiy Qanha saltanati tarkib topadi. U keyinchalik Turkiston zamini deb atalgan yurtni talay qismini egallagan. Uning poytaxti Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida, Sirdaryo qirg‘og‘idan 8 kilometr narida joylashgan Qang‘a (Qanka tepa) shahri hisoblangan. Qanha saltanati Toshkent shahrining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Abu Rayhon Beruniy Toshkent atamasi haqida, Binkat Shoshning markazi, Turk tilida Toshkand, yunonchada esa Tosh minorani anglatadi, deb yozgan. Yana boshqa bir joyda Shosh shahrining nomi turk so‘zidan olingan bo‘lib, Toshkand – Toshloq qishloq, degan ma’noni anglatadi deydi.”1 Yozma manbalar va arxeologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, Binkat alohida-alohida qalin va baland devorlar bilan o‘rab olingan shahar bo‘lib, u ark (o‘rda), shahriston (ichki shahar hunarmand va kosiblar yashaydigan qism) hamda ichki va tashqi rabot (karvon saroylar, ularning ulgurji optom) savdo hunarmand va kosiblar yashaydigan qismbozoridan iborat bo‘lgan. Shaharning markazi - o‘rdasi hisoblangan ark va shahriston (hunarmand-kosiblar) qismlari Toshkentning Xadra, Eski Juva hamda Chorsu maydonlari oralig‘idagi xududga to‘g‘ri keladi. Arkning umumiy sahni 1 gektar, shahristonning maydoni esa 15 gektar bo‘lgan. Arkning ikki darvozasi, shahristonning Abul Abbos, Qasr va Gumbaz deb atalgan uchta darvozasi bo‘lgan. Binkatning ichki rabotining o‘nta, tashqi rabotining yettita darvozasi bo‘lgan. Qadimgi Toshkent shahar hokimining saroyi, qamoqxona, chaqa va tangalar so‘qiladigan zarbxona arkning ichida bo‘lib, ibodatxona uning tashqarisiga joylashgan. Xunarmandlar mahallalari, amirlarning qarorgohlari, yerdor dehqonlarning ko‘shk va qo‘rg‘onlari, bozor shahristonda joylashgan. Harbiy chokarlarning turar joylari tashqi rabodda joylashgan bo‘lib, u Chokardiza deb yuritilgan. Beshyog‘och va Xadra oralig‘ida, avvalgi Chaqar mahallasi (hozirgi Do‘stlik maydoni) bo‘lgan. “Toshkent atamasi X asrdan boshlab keng ko‘lamda ishlatilgan. IX-X asrlarda Toshkentning o‘zi ham ikki qator devor bilan o‘ralgan bo‘lib, birinchisida Xadmin, Sakda, Rashidjak, Xakan singari darvozalari bo‘lgan, ikkinchisi esa tashqi devor Farget, Xasket, Sakindijak, Temir, Bakirdijak, Sekrek va Sagrabatlardan iborat yettita darvozaga ega bo‘lgan. Shahar bog‘u-rog‘larga burkangan bo‘lib, Movarounnahrning eng sog‘lom va ko‘rkam dargohi hisoblangan”1 XYIII asrning ikkinchi yarmida Toshkent shahri to‘rt dahaga bo‘lingan edi. Manbalarda shimoliy daha – Kaffoli Shoshiy, janubiysi - Zangiota, sharqiysi - Shayxantoxur va g‘arbiysi - Shayx Zayniddin nomlari ostida ta’rif etilsada, shahar ahli o‘rtasida ular Sebzor, Beshyog‘och, Shayxantohur va Ko‘kcha deb yuritilar edi. Bu davrda Toshkentda shaharliklar tomonidan saylangan yagona hokim – boshqaruvchi arbobi mavjud emas edi. Shu boisdan shahar to‘rt mustaqil qism - dahalarga ajralib ketgan edi. “...Har bir daha hokimi tayin etilgach, dahalarni boshqarish ma’muriyati – qozisi, raisi va boshqa lavozimlarga tayin etilar edi. Bozor, shaharning mudofaa masalalari bilan bog‘liq ishlarni Chor hokimlar hal qilardi. Shu sababli, bu davr shahar tarixida “Chor hokimlik” nomi bilan shuhrat topgan. Hokimlar yov bosgan davrlarda navbat bilan harbiy qo‘shin safiga o‘z navkarlarini yuborib turganlar” . Ko‘pincha, Chor xokimlar o‘rtasida hukumatni egallash uchun o‘zaro jangu-nizolar kuchayib, shahar qo‘ldan-qo‘lga o‘tar edi. Ba’zi hollarda Sebzor dahasi bilan Ko‘kcha dahasi birlashib, Shayxantoxur dahasiga qarshi urush boshlar edi. Bunday vaziyat sodir bo‘lgan vaqtda Shayxantohur dahasi bilan Beshyog‘och dahasi birlashar edi. O‘zaro nizo kuchaygan vaqtlarda shahar markazidan oqib o‘tadigan Labzak2 suvining ikki labi jang maydoniga aylanar edi. Shuning uchun Labzak suvining nomi manbalarda “Jangob”, ya’ni “Urush suvi”, bu anhorning ikki yoqasi esa “Jangoh” ya’ni “Urush joyi” yoki “Jang maydoni” deb shuhrat topgan. “Tarixi jadidaiy Toshkant”3 asarining muallifi Muhammad Solihning yozishicha, chor hokimlik davrida Shayxantahur dahasida Yunusxo‘ja o‘g‘li Xidoyatxo‘ja, Beshyog‘och dahasida Doniyorxo‘ja, Ko‘kcha dahasida Is’hoqxo‘ja va Sebzor dahasida Shohbek (ba’zi manbalarda Shebek)lar hokimlik qilgan. Har bir dahada 10 tadan ziyod mahalla, bir nechta masjid va madrasa, hammom va bozorlar bo‘lgan. Masalan, Sebzor dahasida 38 ta mahalla, 3 ta madrasa va 10 ta masjid bo‘lgan. Ular asosan, etikdo‘zlik, bo‘yoqchi – nilchilik va bo‘zchilik bilan kun kechirgan. Beshyog‘och dahasi 32 ta mahalladan iborat bo‘lib, unda 3 ta madrasa, 68 ta masjid bo‘lgan. Ular bog‘dorchilik, hunarmandchilik, g‘isht quyish bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Shayxantahur dahasida 48 ta mahalla, 6 ta masjid va 3 ta madrasa bo‘lib, aholisi egarchilik bilan shug‘ullangan. Ko‘kcha dahasi 31 ta mahalla, 3 ta madrasa, 51 ta masjid bo‘lgan. Ko‘kchaliklar asosan ko‘nchilik va etikdo‘zlik bilan tirikchilik qilgan4. O‘rta asrlarda to‘rt dahani o‘rab o‘tgan shaxar devorlarini 12 ta: Qiyot, Turklar, O‘zbek, Taxtapul, Qorasaroy, Chig‘atoy, Su’boniyon, Ko‘kcha, Komandaron, Qang‘li, Beshyog‘och, Qatag‘on deb nomlangan darvozalari bo‘lgan. Muhammad Solih “Tarixi jadidaiy Toshkent” asarida shahar darvozalari atamalarini izohlar ekan, u o‘z vaqtida har bir darvozani qo‘riqlashni ma’lum bir qabila vakillariga topshirganligi uchun ular shu qabilalar nomlari bilan atalgan deb yozadi. Shahar maydoni kengayishi bilan darvozalarning o‘rni ham, soni ham, nomi ham o‘zgarib turgan. Masalan, 1738-1739 yillarda Toshkentga yuborilgan birinchi rus savdo karvonining boshlig‘i Millerning yozishicha Toshkent darvozalari 8 ta, 1800 yilda Toshkent hokimining taklifi bilan kelgan rus tog‘ injenerii M. Pospelovning ko‘rsatishicha 6 ta, Fillip Nazarovning (1813-1814) sayohatnomasida esa 12 ta bo‘lgan. Xatto Miller darvozalarning nomi va shaharning qaysi tomonida joylashganini aytib o‘tgan: Samarqand darvozasi janubi-g‘arbda, Beshyog‘och va Tersariq darvozalari janubda, Shayxantahur darvozasi sharqda, Tarsaxon darvozasi shimoli-g‘arbda, Kapkan (Qopqa) darvozasi shimolda, Tochki (Ko‘kcha) darvozasi g‘arbda. Toshkent shahrining so‘nggi devori XIX asrning boshlarida lashkar beglarbegi hokimligi davrida qayta tiklanib, uning atrofi bo‘ylab Qo‘ymas, Qo‘qon, Qashg‘ar, Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sag‘bon, Chig‘atoy, Ko‘kcha, Samarqand, Kamolon, Beshyog‘och kabi 12 ta darvoza qurilgan. Bu darvozalardan 4 tasi : Labzak, Oqqo‘rg‘on (Qashg‘ar), Qo‘qon va Qo‘ymas sharq tomonda shaharga keyinchalik qo‘shib olingan qismidagi yangi devorga o‘rnatilgan edi1. Har bir davrvozadan shahar markaziga - bozorga eltuvchi ko‘chalar, ulardan esa tor ko‘chalar tarmoqlanib ketgan edi. Ko‘chalar tutashgan chorrahalar guzar deb yuritilgan. So‘nggi o‘rta asrlarda har bir daha aholisining sorbog‘ uchun o‘z tegishli mavzelari bo‘lar edi. Shahar ahli bahor, saraton va kuzni o‘sha yerda o‘tkazishgan. Chunonchi, Shayxantahur dahasining chorbog‘lari Oqqo‘rg‘on, Darxon, Yalang‘och va Qorasuv bo‘ylarida, Beshyog‘och dahasining chorbog‘lari Chilonzor, Zangiota (Cho‘ponota), Mirobod, Do‘mbirabod, Qozirabodda, Sebzor dahasining chorbog‘lari Hasanboy, Ko‘kterakda, Ko‘kcha dahasining chorbog‘lari esa Nazarbek, Ko‘ksaroy, Kolos bo‘ylari mavzelarda bo‘lar edi. “... tarixiy asarlarda shahar aholisining faoliyatiga yuqori baho berilgan. Xalqi, - deyiladi ularning birida, - jasorat va sipohgarchilikda mashhurdir. Pichoq va yarog‘lari hamisha yonlaridadir. Hatto dehqonlar ham yaroqsiz yurmaydilar. Toshkentda ajoyib va g‘aroyib narsalar ham bo‘lgan. Chunonchi, qora rangli tariq kishi badanidan oqqan qonni darhol to‘xtatgan. U yerda sehrli buloq, havo tiniqligida suvi ko‘rinmay, qachonki havoni bulut va tuman bossa, suv qaynab chiqqan. Bundan tashqari, yana bir sirli quduq ham bo‘lgan. Bu suv boshqa joyga olib borilganda qonga o‘xshab qolgan. Ko‘p saqlansa toshga o‘xshab qotgan. ... Toshkent lolasi mashhurdir, sakkiz va o‘n ikki barglari bordir. Har bir bargi turli rangda bo‘lib, bir-birlariga o‘xshamaydi. Lolaning ba’zi barglarida yetti va ba’zisida undan ko‘p ranglar tovlanib turadi. Lolazor maydonida bir buloq bordirkim, uni Qaynar buloq deyishgan. Suvi doim oqib turadi. Ammo lola ochilgan vaqtda 20 gaz havoga otilib va atrofga sochilib, lolalarni sug‘organ. Afsuski, yuqoridagi ko‘rsatilgan ajoyibotlar bizgacha saqlanmagan”.1 1865 yil Toshkent Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan bosib olindi. 1867 yilda tashkil etilgan Turkiston generel gubernatorligining markazi va mustamlaka ma’murlarining qarorgohiga aylantirildi. Natijada shahar ikkiga bo‘linib, yangi shahar qad ko‘tardi. Unga rus ma’murlari joylashtirildi. Yangi shaharda oynaband turar joylar, hashamatli binolar qurildi. Paxta tozalash, yog‘ zavodlari, temir yo‘l ustaxonasi kabi sanoat korxonalari barpo etildi. “Chorizm davrida Toshkent ilgarigidek 4 dahaga bo‘lingan edi. G.N. Malliskiyning o‘sha davrda to‘plagan ma’lumotlariga ko‘ra, dahalarga quyidagi mahalla va mavzelar kirgan: Shayxontohur dahasida 65 ta mahalla va 25 mavzelarni, Sebzor dahasida 42 ta mahalla va 57 mavzelarni, Ko‘kcha dahasida 44 ta mahalla va 37 mavzelarni, Beshyog‘och dahasida 49 ta mahalla va 19 mavzelarni o‘z ichiga olgan. Dahalar tarkibiga faqat shahar emas, balki uning atrofidagi katta yerlar ham kirgan. Mahallalarning soni jahatidan Shayxontohur, mavzelar bo‘yicha esa Sebzor dahasi oldingi safda turgan. Jami dahalarda 200 mahallalar bor edi. Ammo bu ma’lumotlar to‘liq bo‘lmay maxsus o‘rganishni taqozo etadi. 1914-1915 yillarda “Eski shahar” da o‘rta hisobda 150.000 kishi yashab, 250 ta masjid, 12 ta madrasa, 8 ta hammom va 5000 ta katta-qichik do‘konlar bor edi”1. Ana shunday o‘tmish tarix va an’analarga boy Toshkent mustaqillik yillarida obodonlashdi va ko‘rkamlashdi. Hozirgi kunda Toshkent shahrining turli joylarida, uning o‘tmishi haqida ma’lumotlar beruvchi keng ko‘lamli arxeologik tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu tadqiqotlar Respublikamiz poytaxti Toshkent shahrining yoshi, madaniyati, xunarmandchiligi haqida aniq va mukammal tarixiy ma’lumotlar beradi va tariximizning ochilmagan qirralarini ochishda muhim birlamchi manba sifatida katta ilmiy ahamiyat kasb etadi.. Muallif: Tarix fani o`qituvchisi J. Yakubjonov
Категория: O'ZBEKISTON TARIXI 1-KITOB | Добавил: Bek (13.03.2015)
Просмотров: 3137 | Теги: Qoymas, Kamolon, Qoqon, 12 darvoza, Toshkent darvozalari, kokcha | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar
Вход на сайт
Поиск

Copyright MyCorp © 2025
Создать бесплатный сайт с uCoz